SOS
Hujjatlar

Soxta otalik orqali yashash ruxsatnomasini olgan migrantning hujjatlari bekor qilinadi

Soxta otalik orqali yashash ruxsatnomasini olgan migrantning hujjatlari bekor qilinadi

Rossiyada o'tkazilayotgan «Nelegal-2026» operatsiyasi doirasida Smolensk viloyati politsiyasi noqonuniy migratsiyani tashkil etish holatini aniqladi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 2022-yil yanvar oyida Roslavl shahri fuqarosi bo'lgan ayol xorijlik erkak bilan til biriktirib, uning voyaga yetmagan qiziga nisbatan soxta otalikni belgilash uchun hujjat topshirgan.

Aniqlanishicha, xorijlik fuqaro oila qurish yoki bolani tarbiyalash niyatida bo'lmagan. U mazkur harakatlarni Rossiyada yashash ruxsatnomasini (VNJ) soddalashtirilgan tartibda olish maqsadida amalga oshirgan. Ayol esa buning evaziga pul mukofoti olgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, u 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Politsiya xodimlari tomonidan to'plangan hujjatlar sudga yuborilmoqda. Sud qarori bilan otalik faktining soxtaligi tasdiqlangach, fuqarolik holati dalolatnomasi yozuvi bekor qilinadi. Shundan so'ng, xorijlik fuqaroga avval berilgan yashash ruxsatnomasi ham o'z kuchini yo'qotadi.

Ayni paytda ayolga nisbatan yashash joyidan ketmaslik haqida tilxat olingan, soxta «ota»ning qayerdaligi aniqlanmoqda. Huquq-tartibot organlari noqonuniy migratsiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni davom ettirmoqda.

08.10.20261