Rossiyaning Jigulevsk shahrida 29 yoshli mahalliy fuqaro migratsiya qonunchiligini buzganlikda aybdor deb topildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol joriy yilning fevralidan aprel oyigacha bo‘lgan davrda o‘ziga tegishli xonadonga olti nafar xorijlik fuqaroni haqiqatda yashash joyi bilan ta’minlash niyatisiz ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Rossiya IIVning Jigulevsk shahri bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan aniqlangan ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayol avvalroq migratsiya qoidalari buzilgan taqdirda javobgarlik muqarrar ekanligi haqida ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan.
Jigulevsk shahar sudi to‘plangan dalillarni yetarli deb topib, ayolga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.3-moddasi bo‘yicha 150 ming rubl miqdorida jarima jazosini tayinladi. Hukm qonuniy kuchga kirdi.
Ushbu holat migrantlar uchun muhim ogohlantirish bo‘lib xizmat qiladi: yashash joyi bo‘yicha haqiqiy manzilga ega bo‘lmasdan, faqat hujjatlarda ro‘yxatdan o‘tish (soxta registratsiya) qonunga zid hisoblanadi. Bunday ro‘yxatga olish aniqlanganda, nafaqat uy egasi jazolanadi, balki xorijlik fuqaroning migratsiya hisobidagi ma’lumotlari bekor qilinishi va bu uning Rossiyadagi huquqiy maqomiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.









