Tver shahri Zavoljsk tumanida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o'tkazilgan tekshiruv jarayonida xorijlik fuqaroning qalbaki hujjatlardan foydalangani aniqlandi. Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrant patent olish uchun migratsiya bo'limiga murojaat qilgan va rus tili, Rossiya tarixi hamda qonunchiligi asoslarini bilishini tasdiqlovchi sertifikatni taqdim etgan.
Politsiya xodimlarida hujjatning haqiqiyligi bo'yicha shubha uyg'ongan. Ekspert-kriminalistika markazi tomonidan o'tkazilgan tekshiruv sertifikatning davlat namunalariga mos kelmasligini tasdiqladi. Shuningdek, xorijlik fuqaroning pasporti ham tekshiruvga yuborilgan.
Ushbu holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 327-moddasi 3-qismi («Qalbaki hujjatlarni tayyorlash, sotish yoki ulardan foydalanish») bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atildi. Qonunga ko'ra, mazkur ayblov uchun bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, xorijlik fuqaro Rossiya Federatsiyasi hududiga kirish qoidalarini buzgani uchun Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksning 18.8-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.









