Stavropol o'lkasi IIV Bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yil boshidan buyon 70 nafar xorijiy fuqaro Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini qo'lga kiritdi. Ushbu shaxslar maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etgan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a'zolaridir.
Fuqarolikni olish jarayoni 2025-yil 5-noyabrdan kuchga kirgan Rossiya Prezidentining 821-sonli farmoniga muvofiq soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda. Ushbu tartib 2022-yil 24-fevraldan keyin kamida bir yil muddatga harbiy xizmat shartnomasini imzolagan xorijliklar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga nisbatan qo'llaniladi.
Soddalashtirilgan tartibning afzalliklari shundaki, bunda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma (RVP) yoki yashash guvohnomasi (VNJ) olish, Rossiyada besh yil davomida doimiy yashash talabi, sudlanmaganlik haqidagi ma'lumotnoma hamda davlat bojini to'lash shart emas.
Fuqarolikni rasmiylashtirish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat (notarial tasdiqlangan tarjima bilan) hamda harbiy xizmat shartnomasi yoki xizmatdan bo'shatilganligi to'g'risidagi buyruqdan ko'chirma taqdim etish talab qilinadi. Shuningdek, ushbu imkoniyatdan harbiy xizmatchilarning turmush o'rtoqlari, farzandlari va ota-onalari ham foydalanishlari mumkin.









