Rossiya Sog'liqni saqlash vazirligi tamaki va nikotinli mahsulotlarni sotib olishda yoshni tasdiqlovchi hujjatlar ro'yxatiga o'zgartirish kiritishni rejalashtirmoqda. Agar tegishli buyruq loyihasi qabul qilinsa, 2027-yil 1-sentabrdan boshlab ro'yxatga yana bir hujjat – fuqaroligi bo'lmagan shaxsning vaqtinchalik shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasi qo'shiladi.
Amaldagi qoidalarga ko'ra, xaridor o'z yoshini tasdiqlash uchun xorijiy fuqaro pasporti, yashash uchun ruxsatnoma (VNJ), vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma (RVP), qochqin guvohnomasi yoki vaqtinchalik boshpana berilganligi to'g'risidagi guvohnomalardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, ro'yxatda Rossiya fuqarosining pasporti, xorijiy pasport, haydovchilik guvohnomasi, dengizchi pasporti, diplomatik va xizmat pasportlari, harbiy xizmatchi guvohnomasi yoki harbiy bilet ham mavjud.
Jami 14 ta hujjatni o'z ichiga oladigan yangilangan ro'yxatning maqsadi – tamaki mahsulotlarini sotib olishda yosh cheklovlariga rioya etilishini ta'minlashdir. Ushbu o'zgarishlar fuqaroligi bo'lmagan shaxslar uchun yoshni tasdiqlovchi alohida hujjat turini rasmiy ro'yxatga kiritishni nazarda tutadi.
Eslatib o'tamiz, mazkur tartib kuchga kirgan taqdirda, savdo nuqtalarida tamaki mahsulotlarini xarid qilayotgan shaxslar yuqorida sanab o'tilgan hujjatlardan birini taqdim etishlari talab etiladi.









