Tatariston Respublikasi Fan va ta'lim vazirligi, migratsiya xizmati hamda Xorijlik fuqarolarni moslashtirish markazi ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik o'quvchilar bilan ishlashning yagona algoritmini tasdiqladi. Ushbu tashabbus maktab va oliy o'quv yurtlarida xorijliklar uchun o'quv jarayonini tartibga solishga qaratilgan.
O'tkazilgan yig'ilishda xorijlik fuqarolarni ta'lim tashkilotlariga qabul qilish qoidalari va buning uchun talab etiladigan hujjatlar ro'yxati qayta ko'rib chiqildi. Shuningdek, o'quvchi-migrantlarning til o'rganishi hamda ijtimoiy muhitga moslashishini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Mutasaddilar ta'lim muassasalarida xorijlik o'quvchilar bilan ishlash jarayonida yuzaga keladigan odatiy qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish yo'llarini ham tahlil qilishdi. Mazkur yig'ilishda tuman ta'lim boshqarmalari rahbarlari, o'quv yurtlari direktorlari hamda Rossiya IIVning Tatariston bo'yicha migratsiya masalalari boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
Ushbu yangi tartib xorijlik o'quvchilarning ta'lim olish jarayonini yengillashtirish va hujjatlarni rasmiylashtirishdagi tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda. O'quvchilar va ularning ota-onalari o'qishga kirish uchun kerakli hujjatlar ro'yxati haqida o'zlari ta'lim olayotgan yoki hujjat topshirayotgan muassasa ma'muriyatidan aniq ma'lumot olishlari tavsiya etiladi.









