Tula viloyati politsiya xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida xorijiy fuqarolarni soxta ro‘yxatga olish holati aniqlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tula shahri, Rojdestvenskiy qishlog‘ida yashovchi 40 yoshli ayol 2025-yilning sentyabridan 2026-yilning avgustigacha bo‘lgan davrda o‘z xonadonida 6 nafar xorijlik fuqaroni haqiqatda yashash joyi bilan ta’minlamasdan ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Ushbu holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.3-moddasi (xorijiy fuqarolarni soxta ro‘yxatga olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan yashash joyidan chiqmaslik to‘g‘risidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Rossiya IIVning Tula viloyati bo‘yicha boshqarmasi eslatishicha, migratsiya qonunchiligini buzish, jumladan, haqiqatda yashash joyi bo‘lmagan holda ro‘yxatdan o‘tish ham ma’muriy, ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Huquq-tartibot organlari migratsiya tartib-qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha doimiy reydlarni amalga oshirmoqda.
Migrantlar uchun bu kabi holatlar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar xorijiy fuqaroning ro‘yxatdan o‘tgan manzili soxta deb topilsa, uning migratsiya hujjati bekor qilinishi va mamlakat hududida bo‘lish tartibini buzganlik uchun javobgarlikka tortilishi ehtimoli mavjud.









