Tver shahrida Rossiya IIV xodimlari tomonidan noqonuniy migratsiya sxemasini tashkil etgan ikki mahalliy fuqaro qo'lga olindi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 38 yoshli erkak xorijliklarning Rossiya hududida bo'lishi va ularni noqonuniy ishga joylashtirish bilan shug'ullangan. Uning 66 yoshli sherigi esa o'z uyida xorijliklarni soxta ro'yxatdan o'tkazish uchun sharoit yaratib bergan.
Aniqlanishicha, 66 yoshli fuqaro o'z yashash manziliga 5 nafar xorijlikni rasman ro'yxatdan o'tkazgan. Biroq, tekshiruvlar natijasida ushbu shaxslar ko'rsatilgan manzilda haqiqatda yashamaganligi va u yerda yashash niyati ham bo'lmagani aniqlangan. Ushbu holat Rossiya qonunchiligiga ko'ra "soxta ro'yxatga olish" deb baholanadi.
Ushbu voqea munosabati bilan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilgan. 38 yoshli erkak noqonuniy migratsiyani tashkil etganlikda, 66 yoshli uy egasi esa Rossiya Jinoyat kodeksining 322.3-moddasi (xorijiy fuqarolarni soxta ro'yxatga olish) bo'yicha javobgarlikka tortilmoqda.
Migrantlar uchun eslatma: yashash joyi bo'yicha haqiqiy manzilga ega bo'lmasdan, faqat hujjat uchun ro'yxatdan o'tish qonunbuzarlik hisoblanadi. Bunday sxemalarda ishtirok etish kelajakda Rossiya hududidan chiqarib yuborilish va migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun boshqa jiddiy cheklovlarga sabab bo'lishi mumkin.









