Rossiya IIVning Volgograd shahri bo'yicha boshqarmasi xabariga ko'ra, 127 nafar xorijlik fuqaroning mamlakatda noqonuniy qolishini ta'minlagan uyushgan guruh ustidan tergov yakunlanib, ish Traktorozavod tuman sudiga oshirildi. Guruh tarkibiga 61 yoshli Ozarbayjon fuqarosi, uning 56 yoshli sherigi va 30 yoshli jiyani kirgan. Ularning barchasi bir necha yil avval Rossiya fuqaroligini olgan.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, guruh a'zolari 2021-yilning aprelidan 2025-yilning iyuniga qadar O'zbekiston, Tojikiston va Ozarbayjon fuqarolarini o'zlariga tegishli turar joylarga soxta ro'yxatdan o'tkazib kelgan. Shuningdek, migrantlarga patent olish va Rossiyada bo'lish muddatini uzaytirish imkonini beruvchi soxta mehnat shartnomalari rasmiylashtirilgan. Ushbu xizmatlar uchun har bir shaxsdan 3 mingdan 6 ming rublgacha haq olingan.
Jinoyat ishi doirasida guruh jami 900 ming rublga yaqin daromad ko'rgani aniqlangan. 2025-yil iyun oyida politsiya tomonidan ushbu noqonuniy faoliyatga chek qo'yilgan. Hozirda gumonlanuvchilar hibsda saqlanmoqda va ular o'z aybiga iqror bo'lmagan.
Sudlanuvchilarga Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi (noqonuniy migratsiyani tashkil etish) va boshqa moddalar bo'yicha ayblovlar qo'yilgan. Ularga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda Rossiya fuqaroligidan mahrum etilish xavfi mavjud.









