Rossiyada yuqori malakali mutaxassis (VKS) maqomiga ega bo'lgan xorijliklar uchun mehnat sharoitlari va ish haqiga qo'yiladigan talablar o'zgarmoqda. Amaldagi qoidalarga ko'ra, VKS maqomi noyob tajriba va ko'nikmalarga ega bo'lgan mutaxassislarga beriladi. Hozirgi kunda bunday xodimlar uchun minimal ish haqi choragiga 750 ming rublni tashkil etadi.
2027-yil 1-martdan e'tiboran ushbu mezonlar yangilanadi. Yangi qonunga muvofiq, VKS uchun oylik ish haqi miqdori mutaxassislik turiga qarab belgilanadi. Xususan, ilmiy xodimlar, o'qituvchilar va tibbiyot sohasi vakillari uchun oyiga kamida 358 500 rubl, boshqa toifadagi yuqori malakali mutaxassislar uchun esa kamida 717 000 rubl miqdorida ish haqi belgilanishi shart bo'ladi. Shuningdek, ish haqi mezonlari har yili indeksatsiya qilib boriladi.
Ish beruvchilar VKS maqomidagi xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini yangi talablarga muvofiqlashtirishlari zarur. Shuni yodda tutish kerakki, VKS maqomi uchun tibbiy ko'rikdan o'tish, daktiloskopiya (barmoq izlarini topshirish) va tibbiy sug'urta (DMS) polisini taqdim etish majburiy hisoblanadi. Ushbu talablarning bajarilmasligi ruxsatnomaning bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.
Agar VKS xodimi ishdan bo'shasa, unga yangi ish beruvchi topish uchun 30 kunlik muddat beriladi. Agar bu muddat ichida yangi shartnoma imzolanmasa, mutaxassis yana 30 kun ichida Rossiya hududini tark etishi talab etiladi. VKS maqomidagi shaxslarning oila a'zolari ham Rossiyada mehnat faoliyati bilan shug'ullanishi yoki ta'lim olishi mumkin, biroq ular uchun ham tegishli ruxsatnoma va sug'urta hujjatlari rasmiylashtirilishi shart.









