Rossiyaning Aleksandrov shahrida politsiya bo'limida xodimga hujum qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hodisa 2026-yil 19-oktabrga o'tar kechasi sodir bo'lgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari mast holatda bo'lgan erkakni jamoat joyidan politsiya bo'limiga olib kelishgan.
Prokuratura ma'lumotlariga ko'ra, ertalab navbatchi kamera eshigini ochgan vaqtda ushlangan shaxs unga tashlanib, yiqitishga uringan. Mojaro davomida u politsiyachining qo'lidan uch marta tishlab, tan jarohati yetkazgan.
Aniqlanishicha, hujum qilgan shaxs Tojikiston fuqarosi bo'lib, Rossiyada noqonuniy yashab kelgan. U avvalroq mamlakatga kirish taqiqlanganiga qaramay, shaxsiy ma'lumotlarini o'zgartirib, yangi pasport bilan qaytadan kirib kelgan.
Ayblanuvchi o'z aybiga to'liq iqror bo'lgan. Hozirda u hibsda saqlanmoqda va jinoyat ishi Aleksandrov shahar sudiga ko'rib chiqish uchun yuborilgan. Sud hukmi ijro etilgandan so'ng, ushbu shaxsni Rossiyadan chiqarib yuborish rejalashtirilgan.









