Sverdlovsk viloyat sudi Yekaterinburg shahrida yashovchi Nataliya Gusevani 3 yoshli o'g'li Alisherni qasddan o'ldirganlikda aybdor deb topdi. Sud hukmiga ko'ra, ayol 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yilning aprel oyida ona bolaning oyog'ini sindirgan, shifoxonadan chiqqanidan so'ng esa uni kaltaklab o'ldirgan.
Sud jarayonida ayblanuvchi va uning advokati Aleksandr Kozlov o'z aybini tan olmasdan, jinoyatni ayolning o'sha vaqtdagi tanishi, migrant Shamsullo Yangiyev sodir etganini da'vo qildi. Himoya tomonining ta'kidlashicha, bola onasi bilan yolg'iz qolishga xalaqit bergani uchun Yangiyev tomonidan kaltaklangan bo'lishi mumkin. Advokat boladagi jarohatlar chap qo'l bilan yetkazilgani va Yangiyev aynan chap qo'l ekanligiga e'tibor qaratishga uringan.
Biroq, tergov xulosalariga ko'ra, bola aynan onasi tomonidan kaltaklangan. Ekspertiza xulosasiga ko'ra, bolaning jarohatlari (jigar yorilishi va qovurg'alar o'pkaga sanchilishi) og'ir zarbalar oqibatida yuzaga kelgan. O'sha vaqtda bolaning oyog'ida gips bo'lgani sababli u o'zini himoya qila olmagan.
Ta'kidlash joizki, 2026-yil boshida sud hay'ati (prisyajniye) ayolni oqlagan edi, biroq prokuratura ishni qayta ko'rib chiqishga erishdi. Ikkinchi urinishda ayol o'z aybsizligini isbotlay olmadi va sud uni 16 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.









