Rossiyaning Rostov viloyatida uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) hujumi oqibatlari aks etgan videoni internet tarmoqlariga joylashtirgan shaxsning kimligi huquq-tartibot idoralari tomonidan aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqdi.
Ekstremizmga qarshi kurashish markazi (EAKM) hamda Federal xavfsizlik xizmati (FXX) viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu fuqaroning yashash joyi aniqlangan va u qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, qo‘lga olingan shaxs o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Hozirda unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, sud tomonidan tegishli jazo chorasi qo‘llanilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rostov viloyati gubernatorining farmoniga binoan, hududda bir yildan buyon OAV va ijtimoiy tarmoqlarda harbiy ob’ektlarning joylashuvi, havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlari faoliyati, favqulodda holatlar hamda dron hujumlari oqibatlari aks etgan foto va videolarni tarqatish qat’iyan taqiqlangan.
Ushbu cheklovlarni buzganlik uchun quyidagi miqdorda jarimalar belgilangan: • Jismoniy shaxslar uchun: 3 000 dan 5 000 rublgacha; • Mansabdor shaxslar uchun: 20 000 dan 40 000 rublgacha; • Yuridik shaxslar uchun: 200 000 dan 400 000 rublgacha.
Rasmiy davlat organlari va ularning vakolatli manbalariga tayanib tarqatilgan ma’lumotlar bundan mustasno hisoblanadi.









