Moskva viloyat sudi 2025-yil avgust oyida Shchyolkovo shahridagi barlardan birining oldida yuz bergan ommaviy mushtlashuv ishtirokchilariga nisbatan hukm chiqardi. Hodisa oqibatida 20 yoshli mahalliy futbolchi Arseniy Yeroshevich og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro bar oldida ayollarga nisbatan bo‘lgan e’tibor tufayli kelib chiqqan. Mushtlashuvda ishtirok etgan to‘rt nafar xorijlik fuqaro sud tomonidan aybdor deb topildi. Ularga qilmishining og‘irlik darajasiga qarab, 8,5 yildan 11 yilgacha qat’iy tartibli koloniyada jazo o‘tash belgilandi. Jumladan, Zikrullo Qodirov 11 yil, Shuhratjon Rahimov 9 yil va Muhammad Yatimov 8,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Ayblanuvchilardan O‘zbekiston fuqarosi Islom Rustamov, unga 10,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, sud jabrlanuvchilar foydasiga ayblanuvchilardan jami 6,5 million rubl miqdorida moddiy va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu jinoyatda ishtirok etgan beshinchi shaxs voqea joyidan yashiringan. U xalqaro qidiruvga berilgan bo‘lib, unga nisbatan jinoyat ishi alohida ish yurituvga ajratilgan.









