SOS
Jinoyat

Rossiyalik aktrisa o‘zbekistonlik quruvchilar uni aldab ketganini da’vo qilmoqda

Rossiyalik aktrisa o‘zbekistonlik quruvchilar uni aldab ketganini da’vo qilmoqda

Rossiyalik taniqli aktrisa Vera Sotnikova o‘z ijtimoiy tarmoqlarida uyini ta’mirlayotgan o‘zbekistonlik ishchilar avans pulini olib, ishlarni chala tashlagancha qochib ketgani haqida videomurojaat joylashtirdi. Aktrisa o‘z chiqishida quruvchilar tashlab ketgan tartibsizlikni ko‘rsatar ekan, migrantlar va muayyan millatlar sha’niga keskin fikrlar bildirgan.

Aktrisa ishchilarning shaxsiy buyumlari va idishlarini tartibsiz qoldirib ketganini tanqid qildi. U hududda yotgan tahorat olinadigan kuvshinlarni ko‘rib, ishchilarni hatto o‘zlari choy ichadigan idishlarini ham yig‘ishtirmasdan, barcha narsani qarovsiz tashlab ketganlikda ayblagan.

Sotnikova quruvchilarning ish joyini bunday ahvolda tashlab qochishini hazm qila olmay: "Bular o‘zi o‘zbeklarmi yoki lo‘lilarmi (sigan)? Tezda hamma narsani tashlab ketish ular uchun normal holatmi?" deya migrantlarning xatti-harakatlarini keskin savol ostiga olgan.

Aktrisa o‘zbek ishchilaridan hafsalasi pir bo‘lgani fonida boshqa millat vakillariga ham to‘xtalgan: "O‘zbeklar shunday qildi, tojiklar qanday yo‘l tutishini bilmayman, lekin menimcha, ular bundan ham battar bo‘lishi mumkin" deya o‘zining salbiy gumonlarini bildirgan va endilikda bunday vaziyatlarga loyal bo‘la olmasligini aytgan.

Video so‘ngida aktrisa qurilishni to‘xtatmasligini, balki yangi brigada yollashini ma’lum qilgan. Ammo u navbatdagi ishchilarni ham oldindan kamsitib: "Bir guruh ahmoqlar (duraklar) ketsa, ularning o‘rniga boshqa ahmoqlar keladi" qabilida fikr bildirgan.

Aktrisa Vera Sotnikova mazkur holat yuzasidan Rossiya Migratsiya xizmatiga (FMS) ariza berishini va ishchilar unga yetkazilgan zararni to‘lamaguncha yoki mamlakatdan chiqarib yuborilmaguncha tinchimasligini ta’kidlagan.

05.09.202637