Moskva viloyatining Vlasixa shahrida joylashgan Apellyatsiya harbiy sudiga “Krokus Siti Holl” konsert zalidagi terakt ishi ishtirokchilari tomonidan shikoyatlar kelib tushdi. TASS agentligining ma'lum qilishicha, Ikkinchi G'arbiy okrug harbiy sudi 500 jilddan ortiq jinoyat ishi materiallarini hamda sudlanuvchilar va jabrlanuvchilarning advokatlari tomonidan berilgan shikoyatlarni yuqori instansiyaga taqdim etgan. Apellyatsiya jarayonlari yopiq tartibda o'tkazilishi belgilangan.
Joriy yilning 12-mart kuni Ikkinchi G'arbiy okrug sudi 2024-yilda sodir etilgan terakt bo'yicha hukm chiqargan edi. Unga ko'ra, teraktning 4 nafar ijrochisi va 11 nafar yordamchisi umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Yana 4 nafar sudlanuvchiga esa 19 yil 11 oydan 22 yil 6 oygacha bo'lgan muddatdagi qamoq jazolari tayinlangan. Shuningdek, sud jabrlanuvchilar tomonidan taqdim etilgan 27 ta fuqarolik da'vosini to'liq qanoatlantirgan.
Hukm e'lon qilinganidan bir oy o'tib, sudlanuvchilardan biri Yoqubjon Davlatxon Yusufzoda “Matrosskaya Tishina” tergov izohxonasida vafot etgani ma'lum bo'ldi. Hozirgi vaqtda qolgan mahkumlar ustidan nazorat kuchaytirilgan bo'lib, bu ularning o'z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish hamda hukm qonuniy kuchga kirgach, ularni koloniyalarga jo'natishni ta'minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.









