2026-yil 9-noyabr kuni Novosibirsk shahrida yo'l-transport hodisasi sodir bo'ldi. Visotskiy ko'chasi 42-uy yaqinidagi piyodalar o'tish joyidan o'tayotgan O'zbekiston fuqarosi G.K.ni qora rangli “Djip” rusumli avtomobil urib yuborgan. Haydovchi voqea joyida qolib, tez yordam xizmatini chaqirgan va jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko'rsatilishini ta'minlagan.
Voqeadan xabar topgan O'zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari hamda Migratsiya agentligining hududiy vakili zudlik bilan fuqaro yotqizilgan 2-sonli shahar tez yordam shifoxonasiga tashrif buyurdi. Tibbiy tashxisga ko'ra, fuqaroning suyaklari singanligi sababli, ularning bitish davrida bemorni boshqa joyga ko'chirish tavsiya etilmaydi.
Bosh konsulxona tomonidan mazkur holat qat'iy nazoratga olingan. Fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash hamda unga qonuniy tartibda jabrdor maqomini berish masalasida Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Novosibirsk shahridagi vakolatxonasiga rasmiy nota yuborildi.
Rossiyada bo'lib turgan vatandoshlarimizdan yo'l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilish hamda piyodalar o'tish joylarida ehtiyotkor bo'lish so'raladi. Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, o'z huquqlaringizni himoya qilish uchun konsullik muassasalariga murojaat qilishingiz mumkin.









