Samara viloyatidagi Kurumoch xalqaro aeroportida bojxona xodimlari tomonidan strategik ahamiyatga ega bo'lgan tovarlarni noqonuniy olib o'tish holati aniqlandi. O'zbekistondan uchib kelgan Hindiston fuqarosi aeroportning "yashil yo'lagi" orqali o'tayotgan vaqtda to'xtatib qolindi.
Tekshiruv davomida yo'lovchining yuklari orasidan turli o'lcham va rangdagi 107 dona sintetik olmos topildi. Ekspertiza xulosasiga ko'ra, laboratoriya sharoitida yetishtirilgan ushbu toshlarning bozor qiymati 2 million rublni tashkil etadi. Mazkur toshlar Rossiya qonunchiligiga ko'ra strategik muhim resurslar va tovarlar sirasiga kiradi.
Hindiston fuqarosiga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 226.1-moddasi (strategik muhim tovarlar va resurslar kontrabandasi) bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, xalqaro reyslar bilan harakatlanayotgan yo'lovchilar bojxona qoidalariga rioya qilishlari hamda strategik ahamiyatga ega tovarlarni deklaratsiyalashlari shart. Qoidalarni buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo'lishi mumkin.









