Chelyabinsk viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlariga pora berganlikda ayblanib, ikki yil-u uch oyga ozodlikdan mahrum etilgan Rahmatjon Amirov muddatidan oldin shartli ozodlikka (shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilish) chiqishga harakat qilmoqda. U hozirgacha ushbu maqsad yo'lida to'rt marta muvaffaqiyatsiz urinishlarni amalga oshirgan va sentyabr oyi boshida beshinchi bor sudga iltimosnoma kiritgan.
Sud hujjatlariga ko'ra, mahkum 2025-yil oxiridan boshlab muntazam ravishda ozodlikka chiqish bo'yicha arizalar topshirib kelmoqda. Biroq Kopeysk shahar sudi va Chelyabinsk viloyat sudi uning iltimosnomalarini qanoatlantirishni rad etgan yoki ko'rib chiqishni to'xtatgan. Amirovning barcha shikoyatlari apellyatsiya instansiyasi tomonidan o'zgarishsiz qoldirilgan.
Eslatib o'tamiz, Rahmatjon Amirov 2024-yil aprel oyida Sosnovskiy tumani migratsiya bo'limida o'tkazilgan tekshiruvlar davomida qo'lga olingan edi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, u va boshqa shaxslar noqonuniy yo'llar bilan Rossiya fuqaroligini olishni tashkillashtirishda ishtirok etgan. Ushbu ish doirasida migratsiya bo'limi boshlig'i Galina Zemskova, inspektor Artem Mizgin va yana bir fuqaro Sayfullo Yusupov ham javobgarlikka tortilgan.
Ish bo'yicha asosiy ayblanuvchi hisoblangan Galina Zemskova 2026-yil iyul oyida sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan va 1,6 million rubl jarimaga tortilgan. Boshqa ishtirokchilar, jumladan, Rahmatjon Amirov va Artem Mizgin 2025-yil fevralida, Sayfullo Yusupov esa o'sha yilning dekabr oyida sud hukmi bilan koloniyaga jo'natilgan edi.









