Rossiya armiyasida jang qilgan o'zbekistonlik migrant 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Rossiyada mehnat migratsiyasida bo'lgan O'zbekiston fuqarosi F.A. 2022-yilda giyohvand moddalar savdosi bilan bog'liq jinoyatda ayblanib, 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Jazoni o'tash davrida unga Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida jangovar harakatlarda qatnashish evaziga pul mukofoti va fuqarolik taklif qilingan.
Sud hujjatlariga ko'ra, dastlab rad javobini bergan shaxs koloniyadagi bosimlar sabab shartnoma imzolashga majbur bo'lgan. Unga 1,9 million rubl miqdorida bir martalik to'lov va oyiga 210 ming rubl maosh va'da qilingan. 2025-yil iyul oyida u harbiy tayyorgarlikdan o'tib, frontga yuborilgan va 400 ming rubl miqdorida to'lov olgan.
2025-yil 2-sentabrda jangovar hududda yaralangan F.A. davolanishdan so'ng 2026-yil fevral oyida harbiy qismni tark etib, O'zbekiston elchixonasi yordamida vatanga qaytgan. 2026-yil 12-avgustda Pop tuman sudi uni O'zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Sud hukm chiqarishda shaxsning aybiga to'liq iqrorligini, pushaymonligini va jinoyat sodir etilishiga olib kelgan murakkab sharoitlarni yengillashtiruvchi holat sifatida inobatga olgan.








