Rossiya qamoqxonalarida qancha xorijlik bor? FSIN rasmiy statistikani e'lon qildi

Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati (FSIN) direktori Arkadiy Gostev 11-sentabr kuni Qozonda bo'lib o'tgan MDH davlatlari penitensiar xizmatlari rahbarlari kengashining XI yig'ilishida Rossiya qamoqxonalari va tergov izolyatorlaridagi xorijliklar sonini ochiqladi. Unga ko'ra, ayni damda Rossiya muassasalarida jami 25 mingga yaqin xorijiy fuqaro saqlanmoqda.
Statistikaga ko'ra, ushbu shaxslarning 18,5 ming nafari MDH davlatlari fuqarolaridir. Ulardan 4,5 ming nafari tergov izolyatorlarida, 14,1 ming nafari esa axloq tuzatish koloniyalarida jazo muddatini o'tamoqda. Shuningdek, Rossiya jazoni ijro etish muassasalarida 16 nafar AQSh fuqarosi ham saqlanayotgani qayd etilgan.
FSIN rahbari Rossiyada xorijlik mahkumlar soni kamayib borayotganini ta'kidladi. Bu tendensiya mamlakatda jinoyatchilik darajasining pasayishi bilan izohlanmoqda: 2025-yilda qayd etilgan jinoyatlar soni 7 foizga, joriy yilning birinchi yarmida esa 16,2 foizga kamaygan. Shuningdek, jinoyat ishlari bo'yicha jazoni liberallashtirish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo choralarining kengayishi ham ushbu ko'rsatkichga ta'sir qilgan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, xorijliklarning jazoni ijro etish muassasalariga tushishiga ko'pincha giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, o'g'rilik, jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar hamda davlat chegarasini noqonuniy kesib o'tish kabi holatlar sabab bo'ladi. Muassasalarda saqlanayotgan mahkumlar orasida eng ko'p talab qilinadigan kasblar qatorida tikuvchi va g'isht teruvchi mutaxassisliklari qayd etilgan.








