Novosibirsk viloyati bo'yicha Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) boshqarmasi xodimlari firibgarlikda gumon qilingan 52 yoshli mahalliy fuqaroni qo'lga oldi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, gumonlanuvchi o'zini FXX xodimi deb tanishtirib, noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ayblanib, uy qamog'ida o'tirgan 45 yoshli xorijlik fuqarodan pul talab qilgan.
Firibgar o'zining «yuqori lavozimli tanishlari» orqali xorijlik migrantga nisbatan ochilgan jinoyat ishini yopib berishni va'da qilgan. U o'zining bu «xizmati» uchun 2,5 million rubl so'ragan. Gumonlanuvchi pulning birinchi qismi — 1,5 million rublni olayotgan vaqtda huquq-tartibot organlari tomonidan qo'lga olingan.
Rossiya Tergov qo'mitasining Novosibirsk viloyati bo'yicha boshqarmasi tomonidan firibgarlik moddasi bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan uy qamog'i ehtiyot chorasi qo'llanilgan bo'lib, unga 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.
Ushbu holat migrantlarni ogohlikka chaqiradi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari nomidan ish ko'rib, muammoli vaziyatlarni pul evaziga hal qilishni taklif qilayotgan shaxslar firibgar bo'lishi mumkinligini yodda tutish lozim. Har qanday shubhali takliflar yuzasidan rasmiy idoralarga murojaat qilish tavsiya etiladi.









