Vladimir shahrida migrantlar va Markaziy Osiyo vakillariga nisbatan zo'ravonlik hamda nizo qo'zg'atishni maqsad qilgan ikki nafar mahalliy fuqaro sud qilindi. 32 va 33 yoshli erkaklar terrorchilik harakatlariga tayyorgarlik ko'rish va milliy adovatni qo'zg'atishda aybdor deb topildi.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, guruh tashkilotchisi Rossiyaning migratsiya siyosatidan norozi bo'lib, 2025-yilda ijtimoiy tarmoqlarda maxsus chat ochgan. U o'z tarafdorlarini to'plab, «Choyxona», «Snak-bar» va «Shashlik uyi» kabi migrantlar gavjum bo'ladigan joylarni yoqib yuborishni rejalashtirgan. Jinoyatchilar ushbu maqsad yo'lida «Molotov kokteyllari»ni tayyorlash bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazishgan.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatchilar o'z rejalarini amalga oshirishga ulgurmasdan qo'lga olindi. Sud ularni terrorchilik hamjamiyatida ishtirok etish, terrorchilik faoliyatiga o'qitish va nafrat qo'zg'atish moddalari bo'yicha aybdor deb topdi.
Sud hukmiga ko'ra, guruh tashkilotchisi 22 yilga, uning sherigi esa 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, ularga nisbatan tegishli ravishda 900 ming va 400 ming rubl miqdorida jarima jazosi ham tayinlandi. Hozirgi vaqtda sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan.









