SOS
Jinoyat

Rossiyadan BAAga uchayotgan yo'lovchilar samolyotda o'g'rilikka uchramoqda

Rossiyadan BAAga uchayotgan yo'lovchilar samolyotda o'g'rilikka uchramoqda

Rossiyadan Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirilayotgan aviaqatnovlarda yo'lovchilarning qo'l yuklaridan pul o'g'irlash holatlari ko'paygan. Xususan, bir haftaning o'zida yo'lovchilar 2 million rubldan ortiq mablag'ni yo'qotgan. Bu kabi holatlar tizimli tus olib, parvoz vaqtida sodir etilmoqda.

Oxirgi hodisalardan biri 14-sentabr kuni Moskvadan Dubayga parvoz qilgan reysda qayd etilgan. Samolyot qo'ngach, suriyalik yo'lovchi ryukzagidan 1100 dollar va 1700 dirham yo'qolganini aniqlagan. Xuddi shu reysdagi yana ikki nafar yo'lovchining sumkasidan esa 10 ming dollardan pul o'g'irlangani ma'lum bo'lgan.

Jinoyatchilar o'z ishiga juda puxta yondashmoqda. Ular o'g'irlangan yirik kupyuralar o'rniga mayda pullarni qoldirib ketishmoqda, bu esa yo'lovchilarning yo'qotishni darhol sezmasligiga sabab bo'lmoqda. Shuningdek, Sochidan Abu-Dabiga uchgan Etihad aviakompaniyasi reysida ham shunga o'xshash holat yuz bergan: oilaviy juftlik 1400 dollar o'rniga atigi 113 dollar qolganini aniqlagan.

Jabrlanuvchilarning fikricha, o'g'riliklar professional shaxslar tomonidan amalga oshirilmoqda. Ular parvoz vaqtida, yo'lovchilar yuk javonlaridagi buyumlariga e'tibor bermayotgan paytda harakat qilishadi. Shu sababli, xalqaro yo'nalishlarda parvoz qilayotgan fuqarolardan o'z qimmatbaho buyumlari va naqd pullarini nazoratda saqlashlari hamda ularni yuk javonlarida qarovsiz qoldirmasliklari so'raladi.

20.09.20264