SOS
Jinoyat

Sankt-Peterburgda 38 yoshli o‘zbekistonlik ayolning jasadi chamadondan topildi

Sankt-Peterburgda 38 yoshli o‘zbekistonlik ayolning jasadi chamadondan topildi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida noyabr oyi boshida bedarak yo‘qolgan 38 yoshli O‘zbekiston fuqarosining jasadi topildi. Ushbu mudhish jinoyatni sodir etishda marhumaning 15 yoshli o‘g‘li gumonlanmoqda. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg shahri bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi rasmiy xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Shahnoza A. so‘nggi bor 1-noyabr kuni o‘z ish joyida ko‘ringan va shundan so‘ng yaqinlari bilan aloqaga chiqmay qo‘ygan. Oradan o‘n kun o‘tib, 11-noyabr kuni ayolning opasi politsiyaga murojaat qilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 12-noyabr kuni kechqurun shaharning Pargolovo qishlog‘idagi Yukkovskiy irmoqlari bo‘ylab o‘tgan ekologik so‘qmoqdan ayolning jasadi solingan chamadon topilgan. Dastlabki tergov harakatlari davomida qotillikda gumonlanib, marhumaning voyaga yetmagan o‘g‘li qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, 2-noyabr kuni ona va o‘g‘il o‘rtasida elektron sigaret (veyp) chekish masalasida navbatdagi nizo kelib chiqqan. Ayol o‘g‘liga chekishni taqiqlab, unga tanbeh bergan. O‘zaro janjal vaqtida o‘smir onasini bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan.

Jinoyat izini yashirish maqsadida o‘smir onasining jasadini chamadonga joylab, o‘rmon hududidagi ekologik so‘qmoqqa olib borib tashlagan. Shuningdek, u onasi yo‘qolganidan keyingi kunlarda ayolning mobil telefoni orqali yaqinlariga SMS-xabarlar yozib, uning tirik ekanligi haqida yolg‘on tasavvur uyg‘otishga uringan.

Ayni paytda holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi («Qotillik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi o‘smir bilan tergov harakatlari olib borilmoqda va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi hal etilmoqda.

13.11.20262