Sankt-Peterburgdagi Moskva shossesida 30 yoshli Markaziy Osiyo fuqarosi yo'l-transport hodisasini rasmiylashtirish jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimiga pora taklif qildi. Rossiya IIVning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo'yicha bosh boshqarmasi xabariga ko'ra, erkak YPX patrul mashinasi salonida bo'lgan vaqtda inspektorga 50 ming rubl miqdorida pul taklif qilgan.
Migrant mazkur mablag'ni ma'muriy javobgarlikka tortilmaslik hamda Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish bilan bog'liq choralarni qo'llamaslik evaziga taklif qilgan. Pora berish uchun u pullarni Jinoyat kodeksi kitobiga o'rab berishga uringan.
Inspektor taklif qilingan puldan voz kechdi va qonunbuzarlik sodir etmoqchi bo'lgan shaxsni ushladi. Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rossiya qonunchiligiga ko'ra, mansabdor shaxsga pora taklif qilish yoki berish og'ir jinoyat hisoblanadi va u nafaqat jarima, balki ozodlikdan mahrum etish kabi jiddiy jazo choralarini ham o'z ichiga oladi.









