Irkutskdagi "GSK MSK-Trest" qurilish kompaniyasi bosh direktori Yevgeniy Milyayev noqonuniy migratsiyani tashkil etganlikda aybdor deb topilib, 5 yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qilindi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, rahbar xorijlik ishchilarni Rossiyaga osonroq olib kirish maqsadida ularni go'yoki "yuqori malakali mutaxassis" (VKS) sifatida ko'rsatuvchi soxta pudrat shartnomalarini tayyorlagan.
Ushbu soxta hujjatlar Rossiya IIVning Irkutsk viloyati bo'yicha migratsiya boshqarmasiga taqdim etilgan. Tekshiruvlar davomida xorijlik ishchilarning haqiqiy malakasi yo'qligi va hujjatlar faqat noqonuniy migratsiyani qonuniylashtirish uchun niqob vazifasini o'tagani aniqlangan. Mazkur harakatlar Rossiyaning "Chet el fuqarolarining huquqiy holati to'g'risida"gi 115-FZ sonli federal qonuni talablarini qo'pol ravishda buzgan deb baholandi.
Jinoyat ishi Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi "b" va "g" bandlari bilan qo'zg'atilgan. Bu Priangarye mintaqasida ushbu modda bo'yicha real qamoq jazosi tayinlangan dastlabki sud hukmlaridan biri hisoblanadi.
Rossiya IIV xorijlik ishchilarni ogohlantiradiki, migratsiya qonunchiligini chetlab o'tish uchun foydalaniladigan har qanday soxta sxemalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlanadi. Ish beruvchilarning o'z mansab vakolatlaridan foydalanib, noqonuniy migratsiyani tashkil etishi jazoning keskinlashuviga va og'ir oqibatlarga olib keladi.









