Moskva sudi 19 yoshli qizga jinsiy zoʻravonlik qilishga uringan 32 yoshli Oʻzbekiston fuqarosini 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Hodisa shu yilning may oyida Rossiya poytaxti shimoli-sharqidagi “Yauza” bogʻida sodir boʻlgan. Kinodan qaytayotgan va quloqchin taqib olgan qiz ortidan erkak yaqinlashib kelayotganini sezmay qolgan. Sudlanuvchi jabrlanuvchiga shiddat bilan tegajogʻlik qilib, uni butazor ichiga sudrab kirishga uringan.
Qizning yordam soʻrab chinqirgan ovozini shu atrofdagi ikki nafar yoʻlovchi eshitib qolgan. Ular zudlik bilan aralashib, hujumchini voqea joyida qoʻlga olishgan va politsiyaga topshirishgan. Qutqaruvchilardan birining aytishicha, bundan 20 yil avval xuddi shunday vaziyatda doʻstining turmush oʻrtogʻi bogʻda hujumga uchrab, hech kim yordam bermagani sababli halok boʻlgan ekan. Shu bois u bu safar ikkilanib oʻtirmay yordamga shoshilgan.
Tergov davomida gumonlanuvchi oʻz aybini inkor etdi. U bir necha banka pivo ichgani, yotoqxona yopilishidan oldin ulgurolmagani uchun bogʻdagi skameykada tunab qolmoqchi boʻlganini daʼvo qildi. Uning soʻzlariga koʻra, u qizdan faqatgina metroga boradigan yoʻlni soʻramoqchi boʻlgan. Biroq jabrlanuvchi va ikki guvohning koʻrsatmalari bu versiyani butunlay rad etdi.
Moskvaning Babushkinskiy sudi mazkur shaxsni jinsiy xususiyatdagi zoʻravonlik harakatlarini sodir etishga urinishda aybdor deb topdi va unga nisbatan umumiy tartibli koloniyada 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.









