Voronej viloyatining Bobrov tumanida rashk sababli uch kishining hayotiga suiqasd qilishda gumonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Voronej viloyati sudlarining birlashgan matbuot xizmati xabar berdi.
Sud matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 2026-yil 6-noyabr kuni ertalab Bobrov tumanida sodir bo‘lgan. Dastlabki tergov faraziga ko‘ra, gumonlanuvchi rashk tufayli o‘zining uch nafar tanishini — mahalliy aholi vakillarini o‘ldirishga qaror qilgan. U pichoq bilan qurollanib, jabrlanuvchilarning hayotiy muhim a’zolariga — yuziga, tanasiga hamda son arteriyasi sohasiga ko‘plab zarbalar bergan. Biroq jabrlanuvchilar faol qarshilik ko‘rsatgani va shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgani sababli ularning hayoti saqlab qolingan.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi va 105-moddasi 2-qismi «a» bandi (ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2026-yil 10-noyabr kuni Bobrov tuman sudi tergov organlarining iltimosnomasini qanoatlantirib, gumonlanuvchini tergov hibsxonasiga (SIZO) joylashtirish haqida qaror chiqardi. Hozirda hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.









