SOS
Jinoyat

Xabarovskda migrantlar ijaraga olingan mikroavtobusni isitaman deb yoqib yubordi

Xabarovskda migrantlar ijaraga olingan mikroavtobusni isitaman deb yoqib yubordi

Rossiyaning Xabarovsk shahrida 29 yoshli mehnat migranti va uning ukasi qattiq sovuqda qolib ketgan ijaradagi avtomobilni isitishga urinishi oqibatida yong‘in kelib chiqdi. Hodisa oqibatida transport vositasi yaroqsiz holga kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, aka-uka yuk taksisida ishlash maqsadida 2005-yilda ishlab chiqarilgan Mazda Bongo mikroavtobusini ijaraga olgan. Avtomobil taxminan bir hafta davomida ko‘chada qattiq sovuqda turgani sababli dvigateli o‘t olmay qolgan.

Haydovchilar muammoni hal qilish uchun ko‘chma isitkichdan (obogrevatel) foydalanishga qaror qilishgan. Ular isitkichni mashina tagiga joylashtirgan. Biroz vaqt o‘tgach, old o‘rindiqlar ostida joylashgan dvigatel bo‘linmasidan quyuq tutun chiqa boshlagan va alanga olgan.

Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 10 daqiqa ichida to‘liq bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, mikroavtobus tashqi ko‘rinishidan jiddiy shikastlanmagandek ko‘rinsa-da, uning ichki qismi va dvigatel bo‘linmasi butunlay yonib ketgan. Avtomobilni qayta tiklash imkonsiz deb topilgan.

Ayni damda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) surishtiruvchilari hodisaning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqda va yetkazilgan moddiy zarar miqdorini baholamoqda. Endilikda aka-uka avtomobil egasiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab berishi lozim bo‘ladi.

12.11.20267