Naberejnye Chelny shahrida Qozon federal universiteti filialining sobiq direktori, 62 yoshli professor Anatoliy Makarovga nisbatan sud hukmi o'qildi. U Rossiya Jinoyat kodeksining 290-moddasi 2-qismi (pora olish, 4 ta epizod) va 292-moddasi 2-qismi (mansab soxtakorligi, 8 ta epizod) bo'yicha aybdor deb topildi.
Sud qaroriga ko'ra, Makarov 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, unga 600 ming rubl miqdorida jarima solindi va 3 yil davomida pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqidan mahrum qilindi. Sud asosiy jazoni 4 yillik sinov muddati bilan shartli deb belgiladi.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yil aprel oyida Anatoliy Makarov kafedra mudiri lavozimida ishlagan vaqtida xorijlik talabalardan institutga kirish hamda imtihonlarni topshirishda yordam berish evaziga pora olgan. Birgina imtihon uchun o'rtacha 4,5 ming rubl talab qilingan. Jami olingan pora miqdori 195 ming rubldan oshgan.
Eslatib o'tamiz, professor 2024-yil yanvar oyida hibsga olingan va aprel oyida tergov davrida ozodlikka chiqarilgan edi. Ishni ko'rib chiqish 2025-yilda boshlangan. Sinov muddati davomida sudlanuvchi yashash joyini o'zgartirmaslik va belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tish uchun tegishli idoralarga borib turish majburiyatini olgan.









