Boshqirdiston hududidagi sanoat zonalaridan birida joylashgan Wildberries kompaniyasiga qarashli ob'ektda yong'in sodir bo'ldi. Kompaniya matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, hodisa havo hujumi oqibatida yuzaga kelgan.
Rasmiy bayonotga ko'ra, xavfsizlik talablariga muvofiq, hujumdan oldin ob'ektdagi barcha xodimlar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Kompaniya vakillari ushbu hududda tovarlar saqlanmaganini qo'shimcha qildi. Hozirgi vaqtda voqea joyida o't o'chirish brigadalari ish olib bormoqda.
Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov mintaqaga uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) yordamida hujum uyushtirilganini tasdiqladi. Uning so'zlariga ko'ra, dronlardan birining bo'laklari Salavat shahri sanoat zonasi hududiga qulagan, bu esa yong'inga sabab bo'lgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar haqida ma'lumot berilmagan.









