Chelyabinsk viloyati Sosnovskiy tumanida «Nelegal» federal tezkor-profilaktika operatsiyasining ikkinchi bosqichi doirasida reydlar o'tkazildi. Rossiya IIVning Chelyabinsk viloyati bo'yicha boshqarmasi xodimlari toshga ishlov berish sexi va qishloq xo'jaligi mahsulotlari sotiladigan savdo nuqtalarini tekshiruvdan o'tkazdi.
Tekshiruvlar natijasida jami 17 ta ma'muriy huquqbuzarlik qayd etildi. Xususan, 13 ta holatda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug'ullanish, 2 ta holatda Rossiya Federatsiyasida bo'lish tartibini buzish hamda 2 ta holatda majburiy tibbiy ko'rikdan o'tishdan bo'yin tovlash holatlari aniqlandi.
Barcha xorijlik fuqarolar mobil biometrik terminallar yordamida jinoyatlarga aloqadorlik va qidiruvda bo'lish holatlari bo'yicha tekshirildi. Profilaktik tadbirlar davomida Chelyabinsk viloyati bo'yicha jami 158 ta migratsiya sohasidagi qoidabuzarlik aniqlanib, 14 ta jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 29 nafar xorijlik fuqaroga nisbatan mamlakatdan majburiy chiqarib yuborish qarori qabul qilingan, ulardan 10 nafari vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilgan. Shuningdek, 5 nafar xorijlik fuqaroning Rossiyaga kirishi taqiqlangan. Mintaqada tekshiruvlar davom etmoqda.









