Kotovsk shahrida Rossiya IIV bo'limi xodimlari tomonidan «Noqonuniy migrant» tezkor-profilaktika tadbiri tashkil etilmoqda. Ushbu jarayon davomida migratsiya punkti xodimlari va uchastka nozirlari xorijlik fuqarolarning hujjatlarini tekshirib, migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilmoqda.
Tekshiruvlar asosan xorijiy ishchi kuchi ko'p jalb qilingan qurilish maydonlari, yotoqxonalar, xostellar, xususiy uylar hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalarida o'tkazilmoqda. Maqsad — mehnat faoliyatini qonuniylashtirish va xorijlik ishchilarning huquqlarini himoya qilishdan iborat.
Profilaktika doirasida politsiya xodimlari xorijlik fuqarolar hamda ish beruvchilar bilan tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Ularga migratsiya qoidalari hamda qonunbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralari haqida eslatmalar berilmoqda.
Mutasaddilarning ta'kidlashicha, ushbu tadbirlar nafaqat qonunbuzarliklarni aniqlash, balki ish beruvchilar tomonidan xorijlik xodimlarga nisbatan yo'l qo'yilishi mumkin bo'lgan suiiste'molliklarning oldini olishga ham qaratilgan.









