Kurskda noqonuniy ishlagan migrantlar jarimaga tortildi

Kursk viloyatida migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo'yicha tezkor-profilaktika tadbirlari davom etmoqda. Viloyat IIB Migratsiya masalalari boshqarmasi va jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan Kursk shahridagi yangi turar-joy majmuasi qurilish maydonchasida tekshiruv o'tkazildi.
Tekshiruv natijasida tegishli ruxsatnoma hujjatlarisiz mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan hamda Rossiya hududida qolish qoidalarini buzgan xorij fuqarolari aniqlandi. Huquqbuzar deb topilgan barcha shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, xorijlik ishchilarni noqonuniy jalb qilgan ish beruvchiga nisbatan ham Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.15-moddasi 1-qismi bo'yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2026-yilning dastlabki 8 oyi davomida Kursk viloyatida migratsiya qonunchiligi bo'yicha jami 1482 ta ma'muriy huquqbuzarlik qayd etilgan. Ushbu davr mobaynida 87 nafar xorij fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborish, 8 nafarini deportatsiya qilish to'g'risida qaror qabul qilingan. Shuningdek, 348 holatda Rossiyaga kirish taqiqlangan, 202 ta ruxsat beruvchi hujjat bekor qilingan va 147 nafar shaxsning vaqtincha qolish muddati qisqartirilgan.
Hozirgi vaqtda hududda migratsiya qoidalariga rioya etilishini ta'minlash bo'yicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Migrantlarga o'z hujjatlarining to'g'riligini va mehnat faoliyati uchun ruxsatnomalar mavjudligini doimiy nazoratda saqlash tavsiya etiladi.








