SOS
Xavfsizlik

Leningrad viloyatida 50 dan ortiq kishi politsiya tekshiruviga olib ketildi

Leningrad viloyatida 50 dan ortiq kishi politsiya tekshiruviga olib ketildi

Leningrad viloyatining Vsevolojsk tumanidagi Verxniye Oselki qishlog‘ida huquq-tartibot organlari tomonidan keng ko‘lamli reyd o‘tkazildi. Rossiya IIVning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, operatsiya davomida 187 ta uy ko‘zdan kechirilib, 376 nafar fuqaroning hujjatlari tekshirilgan.

Tekshiruv natijasida 51 nafar shaxs IIV ma’lumotlar bazasi orqali qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish uchun politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Ulardan uch nafarida Rossiya hududiga kirish va bo‘lish tartibini buzish holatlari aniqlangan bo‘lib, ushbu shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Reyd davomida huquq-tartibot organlari tomonidan boshqa qonunbuzarliklar ham qayd etilgan. Xususan, 93 ta turar joy binosining kommunikatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanganligi aniqlangan va bu bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, yo‘l-patrul xizmati xodimlari 215 ta avtomobilni tekshirib, sug‘urta hujjati yo‘qligi, oynalarning me’yordan ortiq qoraytirilgani va xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun jarimalar belgilagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar doimo shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishlari hamda migratsiya qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishlari tavsiya etiladi.

05.09.202616