LDPR partiyasi vakillari Rossiya IIV va Rospotrebnadzorga murojaat qilib, 2023–2026-yillar davomida xorijlik fuqarolar orasida aniqlangan OIV infeksiyasi holatlari bo'yicha aniq ma'lumotlarni taqdim etishni talab qildi. Partiya, shuningdek, ushbu tashxis sababli vaqtinchalik yashash ruxsatnomalari bekor qilingan migrantlar soni va epidemiologik tahlil natijalari bilan qiziqmoqda.
Partiya yetakchisi Leonid Slutskiyning ta'kidlashicha, o'tgan yilning to'qqiz oyi davomida xorijlik ishchilar orasida atrofidagilar uchun xavfli bo'lgan kasalliklar, jumladan OIV bo'yicha qariyb 4,5 mingta holat qayd etilgan. Siyosatchi tibbiy ko'riklar shunchaki ma'lumotnoma olish uchun rasmiyatchilikka aylanib qolmasligi kerakligini, tekshiruvlar haqiqiy kasalliklarni aniqlashga qaratilishi lozimligini qayd etdi.
Eslatib o'tamiz, amaldagi qoidalarga ko'ra, Rossiyada 90 kundan ortiq bo'lib turgan mehnat migrantlari va vaqtinchalik yashash ruxsatnomasiga ega xorijliklar har yili majburiy tibbiy ko'rikdan o'tishlari shart. LDPR rahbariyati tibbiy ko'rikdan bo'yin tovlash yoki ma'lumotnomalarni qalbakilashtirish holatlarida qonuniy javobgarlikni kuchaytirish hamda ruxsatnomalarni bekor qilish va mamlakatdan chiqarib yuborish choralarini qat'iy ijro etish zarurligini ta'kidlamoqda.
Ushbu tashabbus migrantlar uchun tibbiy nazorat tartib-qoidalari yanada qat'iylashishi hamda tibbiy ma'lumotnomalarni rasmiylashtirish jarayonida tekshiruvlar chuqurlashishi mumkinligini anglatadi. Migrantlar o'z sog'lig'i holatini nazorat qilishlari va Rossiya qonunchiligida belgilangan majburiy yillik tibbiy ko'riklardan o'z vaqtida o'tishlari talab etiladi.









