Moskva viloyatining Ramenskoye shahrida joylashgan Krasnoarmeyskaya ko'chasida migrantlarning noqonuniy ibodatxonasi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi. “Rus jamoasi” (Russkaya Obshina) tashkiloti vakillari har juma kuni soat 12:30 dan 13:30 gacha ushbu hududda Markaziy Osiyodan kelgan fuqarolar yig'ilayotganini qayd etishgan.
Manbaga ko'ra, tashkilot vakillari ushbu holat Rossiya Federatsiyasining “Yig'ilishlar, mitinglar, namoyishlar, yurishlar va piketlar to'g'risida”gi 54-sonli qonuniga zid ekanligini ta'kidlab, mazkur hududda noqonuniy ibodatxona faoliyat yuritayotgan bo'lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shuningdek, ushbu yig'ilishlar mahalliy aholi uchun noqulaylik tug'dirayotgani da'vo qilingan.
“Rus jamoasi” vakillari mazkur holat yuzasidan Ramenskoye shahri Tergov qo'mitasiga ma'lumot taqdim etganliklarini va tegishli vakolatli organlardan vaziyatni o'rganib chiqishni so'rashganini ma'lum qildi. Hozircha rasmiy idoralar tomonidan mazkur holat bo'yicha yakuniy xulosa yoki qaror e'lon qilinmagan.
Rossiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizdan jamoat joylarida tartib-qoidalarga rioya qilish, mahalliy qonunchilik talablarini hurmat qilish hamda diniy va jamoat tadbirlarini faqat belgilangan tartibda, ruxsat etilgan joylarda o'tkazish tavsiya etiladi.









