Moskva shahrining shimoli-sharqiy ma'muriy okrugida o'tkazilgan «Nelegal-2026» profilaktik tadbiri davomida migratsiya qonunchiligi buzilishi bilan bog'liq holatlar aniqlandi. Rossiya IIVning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan Fedoskinskaya ko'chasidagi ta'mirlash obyekti va Altufyevskoye shossesidagi savdo nuqtasida tekshiruvlar o'tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko'ra, 8 nafar xorijlik fuqaro patentsiz mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani aniqlanib, ularga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.10-moddasi bo'yicha bayonnomalar tuzildi. Shuningdek, 5 nafar shaxs Rossiyada bo'lish tartibini buzganligi uchun 18.8-modda bilan javobgarlikka tortildi. Ulardan ikki nafari nazorat ostidagi shaxslar reestrida bo'lgan.
Bundan tashqari, sud qaroriga binoan mamlakatdan chiqarib yuborilishi belgilangan bir nafar xorijlik ushbu qarorni bajarmagani uchun 20.25-modda bo'yicha javobgarlikka tortildi va vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirildi. Sud qaroriga asosan 8 nafar huquqbuzar Rossiya Federatsiyasi hududidan ma'muriy tartibda chiqarib yuborilishi belgilandi, qolgan 5 nafariga esa jarima jazosi tayinlandi.
Politsiya xodimlari hozirda ushbu xorijliklarni noqonuniy ishga olgan ish beruvchilarga nisbatan ham tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Tekshiruvlar yakuni bo'yicha ish beruvchilarga nisbatan tegishli protsessual qarorlar qabul qilinadi.









