Moskva shahrining Vnukovo tumanida ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya vakillari ishtirokida xorijiy fuqarolarning migratsiya qonunchiligiga rioya etishini tekshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi. Nazorat ishlari Omskaya ko‘chasidagi qurilish obyekti, Borovsk shossesidagi sanoat zonasi hamda xorijiy fuqarolar istiqomat qiladigan yotoqxonalarda tashkil etildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 113 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qoidabuzarliklar asosan migratsiya hisobi qoidalariga rioya qilmaslik, bo‘lish rejimini buzish, shuningdek, jamoat joylarida alkogol iste’mol qilish va mayda bezorilik holatlari bilan bog‘liq bo‘ldi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar qo‘llanildi. Xususan, migratsiya rejimini takroran buzgan 5 nafar xorijiy fuqaro jarimaga tortilib, ularni Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Migratsiya qonunchiligiga rioya qilish, tegishli hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish va jamoat tartibiga amal qilish xorijiy fuqarolarning Rossiya hududida muammosiz bo‘lishlari uchun muhim ahamiyatga ega.









