Moskva shahar Transport departamenti ma'lumotiga ko'ra, 2026-yil 15-oktabrdan boshlab poytaxtdagi kuryerlik xizmatlari yo'l harakati qoidalari (YHQ) va ish standartlari bo'yicha testdan o'tmagan xodimlarni buyurtmalarni yetkazib berish jarayoniga kiritmaydi. Ushbu yangilik shahardagi 135 mingdan ortiq kuryerlarga taalluqli bo'lib, ularning xavfsizligini ta'minlash va yo'llardagi tartibni kuchaytirish maqsadida joriy etilmoqda.
Test sinovlari KIS «ART» tizimi orqali amalga oshiriladi. Kuryerlar test davomida xavfsiz haydash qoidalari, jumladan, tezlik rejimi, velosiped va shaxsiy harakatlanish vositalarini (SIM) boshqarish hamda piyodalar o'tish joylarida transportdan tushish tartiblari bo'yicha bilimlarini namoyish etishlari kerak. Shuningdek, test savollari ish smenasini ochish, tashqi ko'rinish, sumka va transport vositalariga qo'yiladigan talablar hamda xizmat ko'rsatish etikasi kabi mavzularni ham qamrab oladi.
Imtihondan muvaffaqiyatli o'tish uchun savollarning kamida 80 foiziga to'g'ri javob berish talab etiladi. Natijalar kuryerning shaxsiy kabinetida darhol aks etadi va bir yil davomida amal qiladi. 30-sentabrdan boshlab kuryerlar ixtiyoriy ravishda test topshirishni boshlashgan bo'lsa, 15-oktabrdan e'tiboran bu jarayon barcha uchun majburiy hisoblanadi.
Rasmiylarning ta'kidlashicha, ushbu tizim avvalroq taksi haydovchilari uchun joriy etilgan va o'z samarasini bergan. Endilikda xuddi shunday nazorat mexanizmi yetkazib berish xizmati xodimlari uchun ham yo'lga qo'yilmoqda. Kuryerlarga o'z vaqtida testdan o'tib, ish faoliyatini uzluksiz davom ettirish tavsiya etiladi.









