10-avgust kuni Rossiyaning Tatariston Respublikasi Nijnekamsk shahriga uyushtirilgan dron hujumi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, ulardan 8 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilindi. Hozirgi vaqtda halok bo‘lgan vatandoshlarimizning jasadlari vataniga yuborilgani xabar qilinmoqda.
Nijnekamsk shahri rahbari Radmir Belayevning ma’lum qilishicha, hududda jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning oilalariga ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam hajmi ikki baravarga oshirilgan. Tatariston hukumati tomonidan ajratilgan mablag‘lardan tashqari, marhumlar ishlagan korxonalar ham oilalarga qo‘shimcha 2 million rubl miqdorida tovon puli to‘lab beradi.
Shuningdek, hujum oqibatida jarohat olganlarga ham yordam ko‘rsatilmoqda. Sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar darajasiga qarab, jabrlanganlarga 300 mingdan 600 ming rublgacha miqdorda tovon puli belgilangan. Hozirgi kunda ushbu to‘lovlar tegishli tartibda amalga oshirilmoqda.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov mazkur fojia munosabati bilan O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlariga hamdardlik bildirib, halok bo‘lganlarning yaqinlariga dalda berdi. Hujum yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.









