Rossiya IIVning Primorye o'lkasi bo'yicha Migratsiya masalalari boshqarmasi Vladivostokdagi moliya muassasalaridan birini ma'muriy javobgarlikka tortdi. Bunga bankning "Nazorat ostidagi shaxslar reestri"ga (RKL) kiritilgan xorijliklarga moliyaviy xizmatlar ko'rsatgani sabab bo'lgan.
Tekshiruv davomida 1978, 1988, 1997 va 2000-yillarda tug'ilgan O'zbekiston va Qirg'iziston fuqarolariga 50 mingdan 2 million rublgacha bo'lgan operatsiyalar amalga oshirilgani hamda hisob raqami ochib berilgani aniqlangan. Ushbu qoidabuzarliklar uchun bankka nisbatan 4 ta ma'muriy bayonnoma tuzilib, jami 1 million 600 ming rubl miqdorida jarima belgilandi.
Eslatib o'tamiz, 2025-yil fevral oyidan boshlab "Nazorat ostidagi shaxslar reestri" (RKL) faoliyat yuritmoqda. Ushbu ro'yxatga Rossiyada qonuniy bo'lish asoslarini yo'qotgan xorijiy fuqarolar kiritiladi. Ularga nisbatan "chiqarib yuborish rejimi" qo'llaniladi, bu esa bank hisob raqamlarini ochish va boshqa moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga jiddiy cheklovlar qo'yadi.
Qonunchilikka ko'ra, nazorat ostidagi shaxslarga faqat belgilangan majburiy to'lovlarni amalga oshirish, o'z hisobiga pul o'tkazish hamda oyiga 30 ming rubldan oshmagan miqdorda naqd pul olishga ruxsat beriladi. Ushbu cheklovlar reestrga kiritilgan barcha xorijliklarga taalluqli bo'lib, banklar bunday mijozlarga xizmat ko'rsatishda qat'iy talablarga amal qilishi shart.









