SOS
Xavfsizlik

Novoselyeda 57 nafar migrant qoidabuzarlik uchun politsiyaga olib ketildi

Novoselyeda 57 nafar migrant qoidabuzarlik uchun politsiyaga olib ketildi

Rossiya IIVning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo'yicha bosh boshqarmasi xodimlari Lomonosov tumanidagi Novoselye hududida joylashgan qurilish obektida tekshiruv o'tkazdi. Migratsiya masalalari boshqarmasi va politsiya maxsus polki tomonidan tashkil etilgan reyd davomida jami 123 nafar xorijlik fuqaroning hujjatlari tekshiruvdan o'tkazildi.

Tekshiruv natijalariga ko'ra, migrantlarning qariyb yarmida qonunbuzarliklar aniqlangan. Xususan, 47 nafar shaxs patentda ko'rsatilgan hududdan tashqarida ishlagani, yana 10 nafar xorijlik esa umuman ruxsatnoma hujjatlarisiz mehnat faoliyatini yuritayotgani ma'lum bo'ldi. Qoidabuzarlik sodir etgan barcha 57 nafar shaxs holatni aniqlashtirish uchun hududiy politsiya bo'limlariga olib ketildi.

Shuningdek, ushbu xorijliklarni qonun talablariga zid ravishda ish bilan ta'minlagan ish beruvchiga nisbatan ham tekshiruv ishlari boshlandi. Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan barcha holatlar o'rganilmoqda va ish beruvchining javobgarlik masalasi hal etilmoqda.

Migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida bunday reydlar muntazam ravishda o'tkazib kelinmoqda. Ishchilar o'zlariga tegishli patentlarning amal qilish hududini va hujjatlarning haqiqiyligini oldindan tekshirib olishlari tavsiya etiladi.

09.10.20261