Rossiyaning Oltoy o‘lkasida 24-28-avgust kunlari «Noqonuniy migrant» tezkor-profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Reydlar davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bozorlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qurilish maydonchalari va qishloq xo‘jaligi obyektlarini tekshiruvdan o‘tkazdi.
Tekshiruvlar natijasida jami 237 ta ma’muriy huquqbuzarlik qayd etildi. Xususan, Pervomayskiy tumanidagi qurilish obyektlarida ruxsatnomasiz ishlayotgan xorijiy fuqarolar aniqlangan. Ularga va ularni ishga yollagan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Aniqlanishicha, 29 nafar xorijlik Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan. Ularning aksariyati mamlakatga kirish qoidalarini buzgan yoki o‘z vaqtida migratsiya hisobiga turmagan. Ushbu shaxslarga nisbatan jarimalar belgilangan va ularni Rossiyadan chiqarib yuborish choralari ko‘rilmoqda. Ba’zi holatlarda majburiy deportatsiya amalga oshiriladi.
Shuningdek, reydlar davomida noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari xorijiy fuqarolarni migratsiya qonunchiligiga qat’iy rioya qilishga va hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirishga chaqirmoqda. Kelgusida ham hududda shunga o‘xshash tekshiruvlar davom ettirilishi ma’lum qilindi.









