15-avgust kuni Rossiyaning Omsk shahridagi «Kvartali Draverta» mikrorayonida joylashgan qurilish maydonchasida yirik yongʻin sodir boʻldi. Hodisa oqibatida 11 nafar quruvchi shifoxonaga yotqizilgan, ularning barchasi pudrat shartnomasi asosida ishlagan ishchilar boʻlgan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, yongʻin paytida payvandlash ishlari olib borilayotgan boʻlgan va uchqunlar izolyatsiya materialiga tushishi oqibatida olov tezda tarqalib ketgan. Yongʻin maydoni 1000 kvadrat metrni tashkil etgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari tomonidan yongʻin bartaraf etilib, jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari bor. Shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan yordamdan soʻng uch nafar ishchi uyiga javob berilgan. Afsuski, shifoxonada qolganlardan biri vafot etgan, qolgan yetti nafar fuqaro esa ogʻir ahvolda reanimatsiya boʻlimida davolanmoqda.
Rossiya Tergov qoʻmitasi tomonidan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni damda prokuratura va tegishli idoralar tomonidan yongʻin sabablari, mehnat xavfsizligi hamda migratsiya qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.









