Qozon xalqaro aeroportida xorijlik fuqarolarning mamlakatda bo'lish qoidalariga rioya etishini nazorat qiluvchi maxsus punkt o'z ishini boshladi. Rossiya IIV vakili Irina Volkning ma'lum qilishicha, ushbu bo'linmaning asosiy vazifasi migratsiya qonunchiligini buzgan shaxslarni aniqlashdan iborat.
Rossiya bo'ylab jami 12 ta shunday nazorat punkti tashkil etilgan. Ular Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi, Novosibirsk, Krasnoyarsk va Yekaterinburg kabi yirik shaharlarning aeroportlarida faoliyat yuritmoqda. Kelgusida IIV bunday postlarni temir yo'l stansiyalari, avtomobil yo'llari va suv transporti o'tkazish punktlarida ham ochishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Qozon aeroportida kelayotgan xorijliklarning biometrik ma'lumotlarini yig'ish tizimini joriy etish ko'zda tutilgan. Buning uchun maxsus barmoq izi skanerlaridan foydalaniladi. Ushbu choralar mamlakatdan chiqarib yuborilgan yoki qidiruvda bo'lgan shaxslarning Rossiya hududiga kirishining oldini olishga qaratilgan.









