Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) 2026-yilning yanvar-iyun oylari uchun jinoyatchilik statistikasi bo'yicha hisobotni e'lon qildi. Unga ko'ra, mamlakat hududida xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni o'tgan yilning shu davriga nisbatan 39,1 foizga kamaygan.
Hisobotda qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida jami 14 449 ta jinoyat qayd etilgan bo'lib, shundan 11 861 tasi MDH davlatlari fuqarolari hissasiga to'g'ri keladi. MDH fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko'rsatkichi o'tgan yilga nisbatan 41,2 foizga pasaygan.
Shuningdek, xorijliklarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar sonida ham kamayish kuzatilgan. Yarim yil davomida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga nisbatan 3880 ta jinoyat sodir etilgan, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 18,2 foizga kamroqdir.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Chegara xizmati ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning olti oyida O'zbekiston fuqarolarining Rossiyaga ishlash maqsadida kirib kelishi 13,2 foizga qisqargan. Shunga qaramay, o'zbekistonliklar Rossiyaga ishchi kuchi sifatida kirib kelayotgan xorijliklar orasida birinchi o'rinni egallab turibdi.









