Rossiya Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan xorijlik fuqarolarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish bo'yicha yagona federal reyestrni yaratish loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu tizim migrantlarning sog'lig'i holati to'g'risidagi ma'lumotnomalarni rasmiylashtirish jarayonini tartibga solish va noqonuniy hujjatlar berilishining oldini olishga qaratilgan.
Yangi qoidalarga ko'ra, agar tibbiy xulosa yagona reyestrga kiritilmagan klinika tomonidan berilgan bo'lsa, xorijiy fuqaroning patenti, vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP) yoki yashash guvohnomasi (VNJ) rad etilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Hozirda mintaqaviy ro'yxatlar asosida ishlayotgan tizim o'rniga Rossiya Sog'liqni saqlash nazorati xizmati (Roszdravnadzor) tomonidan boshqariladigan yagona elektron baza joriy etiladi.
Reyestr barcha uchun ochiq bo'ladi. Migrantlar, ish beruvchilar va nazorat organlari istalgan vaqtda Roszdravnadzorning rasmiy sayti orqali klinikaning qonuniy maqomini tekshirib ko'rishlari mumkin. Tizimda muassasaning faoliyati to'g'risidagi ma'lumotlar real vaqt rejimida yangilanib boradi. Agar klinikaning litsenziyasi to'xtatilsa yoki bekor qilinsa, bu ma'lumot darhol Ichki ishlar vazirligi bazasiga aks etadi.
Ushbu yangi tartibning to'liq ishga tushirilishi 2027-yil 1-martga rejalashtirilgan. Shu sababli, tibbiy ko'rikdan o'tayotgan fuqarolarimizdan hujjatlarni rasmiylashtirishda ehtiyotkor bo'lishlari va faqat vakolatli tibbiyot muassasalariga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.









