Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi shaxsiy tibbiy daftarchalarni (sanknijkalarni) to‘liq elektron shaklga o‘tkazish muddatini 2027-yil 1-sentabrgacha uzaytirdi. Bu haqda vazirlikning tegishli buyrug‘iga kiritilgan o‘zgartirishlarda ma’lum qilindi. Avvalroq ushbu o‘tish jarayoni 2026-yilga mo‘ljallangan edi.
Ushbu qarorga ko‘ra, ish beruvchilar va xodimlar yana bir yil davomida qog‘oz shaklidagi tibbiy daftarchalardan foydalanishlari mumkin. Ta’kidlash joizki, tibbiy daftarchalar oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi, bolalarni tarbiyalash va o‘qitish, shuningdek, kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlovchi shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Bu ro‘yxatga oshpazlar, o‘qituvchilar, tarbiyachilar va sartaroshlar kabi ko‘plab kasb egalari kiradi.
Shuningdek, elektron tibbiy daftarchalarga kiritiladigan ma’lumotlar ro‘yxati kengaytirildi. Endilikda xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlarga uning fuqaroligi va jinsi haqidagi ustunlar ham qo‘shiladi. Bu o‘zgarishlar xorijiy fuqarolarning raqamli profili axborot tizimi bilan integratsiyani ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, tibbiy daftarchalarning raqamlashtirilishi tibbiy ko‘riklar ustidan nazoratni kuchaytiradi va soxta hujjatlar berish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Elektron tizimga to‘liq o‘tish orqali tibbiy ko‘rik jarayonlarining shaffofligini ta’minlash va noqonuniy tibbiy ma’lumotnomalar beruvchi muassasalar faoliyatini cheklash ko‘zda tutilgan.









